Ishonch telefoni:
(+99871) 123 45 67
Elektron pochta:
info@tibbiysugurta.uz

 O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 noyabrda “Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida ”gi qarori qabul qilingan.

Aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning sifati, samaradorligi va ommabopligini oshirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘lamini kengaytirish, sohaga bosqichma-bosqich tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish, tibbiy xizmatlar bozorida zamonaviy raqobat muhitini yaratish, shu asosda aholining kafolatlangan va sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida:

Sog‘liqni saqlash vazirligining Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida Sirdaryo viloyatida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasini  amalga oshirishga rozilik berildi.

Tajriba-sinov loyihasi doirasida:

  • birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oilaviy shifokor, uning o‘rta tibbiyot xodimlaridan iborat terapiya va pediatriya yo‘nalishlari bo‘yicha yordamchilari, patronaj hamshiralari va doyadan tashkil topgan guruhlar tuziladi;
  • har bir tibbiyot muassasasida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi ishlab chiqiladi;
  • kafolatlangan paket birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va shifoxonalarda O’zbekiston Respublikasi fuqarolari, O’zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga taqdim etiladi.

Bunda oilaviy shifokor har bir muassasa turi bo‘yicha tibbiy xizmatlar hajmi va klinik protokollarga muvofiq tor soha shifokorlariga va zarur hollarda tuman, viloyat hamda respublika darajasidagi shifoxonalarga yo‘llanmalar beradi. Respublika darajasidagi shifoxonalarga yo‘llanmalar viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadi.

Ushbu tartibga rioya etilmagan hollarda, shuningdek, kafolatlangan paketga kiritilmagan tibbiy xizmatlar pullik asosda ko‘rsatiladi;

  • aholining sog‘lig‘i bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarini monitoring qilish, ularni tibbiyot muassasasiga biriktirish, kasallik tarixini yuritish, dori vositalari uchun retsept yozish va kafolatlangan paketga muvofiq tibbiyot muassasalariga yo‘naltirish yagona elektron platforma orqali amalga oshiriladi;
  • birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlarining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) ishlab chiqilib, unga erishilganligi monitoring qilinadi hamda natijalariga qarab qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovlari to‘lanadi;
  • kafolatlangan paket asosida aholining barcha qatlamlariga sifatli va to‘liq tibbiy yordam ko‘rsatilishini moliyalashtirishga qaratilgan davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.